24-29 sentyabr kunlari Toshkent va Jizzax shaharlarida O‘zbekiston axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi – “ICTWEEK Uzbekistan-2018” o‘tkaziladi.
Haftalikda axborot kommunikatsiya sohasida erishilgan natijalar va amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar namoyish etilishi barobarida, tizimga oid qator muammolarning muhokama etilishi kutilmoqda. Uning doirasida Axborot texnologiyalari yillik ko‘rgazmasi – ICTEXPO-2018, DIGITAL UZBEKISTAN forumi kabi tadbirlar va taqdimotlar o‘tkaziladi. Jizzax shahrida esa mintaqaviy forum va ko‘rgazmadan tashqari “Bolalar uchun axborot texnologiyalari” aksiyasi ham tashkil etiladi.
Haftalikning asosiy tadbirlaridan biri bo‘lgan ICTEXPO-2018 ko‘rgazmasi “O‘zekspomarkaz” pavilonlarida 26-28 sentyabr kunlari o‘tkaziladi. Jizzaxda esa 26-27 sentyabr kunlari mintaqaviy ko‘rgazma bilan tanishish mumkin bo‘ladi. Tashkilotchilarning ma’lum qilishicha bu yil ko‘rgazma maydonlari yanada kengaytirilgan bo‘lib, bu ishtirok etishga talabgorlar soni ortib borayotgani bilan izohlanadi. Axborot texnologiyalari va xizmatlari bozorida taqdim etilayotgan eng so‘nggi zamonaviy texnologiyalar va yechimlar namoyish etiladigan ushbu ko‘rgazmada IT-sohasidagi mahalliy va xorijiy kompaniyalar ishtirok etadilar. Ular safida yirik uyali aloqa kompaniyalari, vendorlar, dasturiy ta’minot va tizim integratorlarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bor.
26 sentyabr kuni “O‘zekspomarkaz”da o‘tkaziladigan DIGITAL UZBEKISTAN forumida esa axborot texnologiyalari sohasidagi zamonaviy tendensiyalar masalalari, tizimdagi muammolar va ularning yechimlari muhokama qilinadi. Forumning panel muhokamalarida mamlakat axborot texnologiyalari sektorini rivojlantirishga qaratilgan strategik qarorlar va dasturlarni ishlab chiqilishi nazarda tutilmoqda. Unda davlat boshqaruvi organlari vakillari, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalar sohasi korxonalari va tashkilotlari rahbarlari, xalqaro ekspertlar va tahlilchilar, yirik mahalliy va xorijiy IT -kompaniyalar mutaxassislari ishtirok etishadi.
“ICTWEEK Uzbekistan-2018” haftaligini 29-sentyabr kuni mukofotlash marosimi yakunlaydi.
Eslatib o‘tamiz, bu yildan boshlab Forum va ko‘rgazmaga kirish uchun www.ictweek.uz rasmiy saytida ro‘yxatdan o‘tish va QR kodini olish kerak bo‘ladi.
Сообщить об опечатке
Текст, который будет отправлен нашим редакторам: