Bilim bilan Vatan sha’nini ulug‘lash

Nizomiy nomidagi TDPU huzuridagi XTXQTMOHM “Kimyo” yo‘nalishi malaka oshirish guruhi 2019 yil 16 may kuni Toshkent pediatriya instituti qoshidagi akademik litseyda ko‘chma mashg‘ulotda bo‘ldi.
– Rossiya federatsiyasining Sank-Peterburg shahrida 20–27-aprel kunlari kimyo fani bo‘yicha o‘tkazilgan 53-Xalqaro Mendeleev olimpiadasida Toshkent pediatriya instituti qoshidagi akademik litsey o‘quvchilari ishtirok etib, oltin, kumush hamda bronza medallarini qo‘lga kiritishdi. Ushbu olimpiadada 29 davlatdan 170 nafardan ortiq o‘quvchi ishtirok etdi, – deydi Toshkent pediatriya instituti qoshidagi akademik litsey direktori Ortiqboy Eshonqulov. – Biz bu olimpiadada besh medalni qo‘lga kiritdik. Karimov Islom oltin, Boyirbekov Ulug‘bek va Mirakbarov Mirumid kumush, Boltayeva Mohira bronza medallarini qo‘lga kiritishdi, Isayeva Dilnoza faxriy diplom bilan taqdirlandi. Bizning o‘quvchilar boshqa davlatlar yoshlaridan hech kam emasligi, qaytaga bilimi jihatdan ko‘pgina davlat yoshlaridan ustun ekanligi nazariy hamda amaliy imtihonlarda bilinib turdi. Bu yutuqlarning bosh omili mamlakatimizda ta’lim sohasini yanada rivojlantirish, chuqur bilimli yoshlarni tarbiyalashga qaratilgan chora-tadbirlar bilan bog‘liq.
Shuningdek, litseyning professor-o‘qituvchilari Shernazarov Iskandar hamda Zaynobov Lazizning darslari kuzatildi. Darsdan so‘ng professor-o‘qituvchilar dars va o‘quvchilarni xalqaro olimpiadalarga tayyorlash yuzasidan tinglovchilarni qiziqtirgan savollariga javob berishdi.


Saytda xatoni uchratsangiz, uni belgilab Ctrl+Enter tugmalarini bosing va sayt boshqaruvchisiga xabar bering!