Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va UNODC (Birlashgan Millatlar Tashkilotining giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi) bilan hamkorlikda “Mustahkam oila” dasturi bo‘yicha trening boshlandi.
Mazkur tadbirning maqsadi “Mustahkam oila” dasturini kelgusida kengaytirilgan holda amalga oshirish bo‘yicha trener-stajyorlar jamoasini tayyorlashdir. O‘tkazilayotgan trening jarayonida tayyorlangan stajyorlar jamoasi xalq ta’limi mutaxassislari malakasini oshirish va barcha umumta’lim maktablarida ushbu dasturni amaliyotga tatbiq etishga jalb qilinadi.
Toshkent shahridagi maktablarda “Mustahkam oila” dasturi 10-14 yoshgacha bo‘lgan bolalar va ularning ota-onalari uchun tatbiq etib kelinmoqda. 2016-2018 yillar mobaynida mazkur dastur 19 maktabda sinovdan o‘tkazildi.
O‘smirlar va ularning oilalari uchun mo‘ljallangan dastur – o‘smirlik davrida paydo bo‘ladigan axloq muammolarini, zararli odatlar, psixoaktiv moddalarni iste’mol qilishning oldini olish, shuningdek, ota-onalik ko‘nikmalarini mustahkamlash va mustahkam oilani shakllantirishga yo‘naltirilgan.
Dastur ketma-ket yettita sessiyada video materiallardan foydalangan holda, ta’lim-tarbiyaviy o‘yinlar, munozaralar va oilaviy mashg‘ulotlar davomida o‘tkaziladi.
Unda qatnashish davomida ota-onalar maxsus ko‘nikmalarga ega bo‘ladi. Kelgusida farzandlari bilan ijobiy munosabatlarni mustahkamlash, me’yorni belgilash va qoidalarni o‘rnatishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, umumiy qoidalar buzilishi oqibatida kelib chiqadigan holatlar haqida tushuntirish beradi. Ular o‘smirlarning xatti-harakatlarini nazorat qilish va ijobiy usullar bilan zaruriy intizomni yuzaga keltirishni o‘rganadi.
O‘smirlar esa o‘z oldiga maqsad qo‘yish va ularga erishish, tengdoshlarining salbiy ta’siriga tushib qolmaslik, qiyin vaziyatdan chiqishni o‘rganib, ota-onani qadrlash, o‘z fikrini tushuntirish va o‘zgani eshitish ko‘nikmalariga ega bo‘ladi.
Dasturda olingan bilim va ko‘nikmalar shaxsda himoya mexanizmlarini tarbiyalaydi. O‘smirlarga zararli odatlarning tibbiy-ijtimoiy oqibatlarini tushuntiradi. Shuningdek, zo‘ravonlik, jinoyatchilik, psixoaktiv moddalar iste’molini oldini olishga xizmat qiladi.
O‘zbekistonda «Mustahkam oila» dasturini amalga oshirishda BMT giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan baholash natijalari dasturda ishtirok etgan bolalar va ularning ota-onalarida ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rsatmoqda.
Joriy yil yakuniga qadar har bir hududda bittadan «Mustahkam oila» dasturi asosida namunaviy maktablarni tashkil etish va ularni “Happy schools” (Baxtli maktablar) deb nomlash keyinchalik ulardagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish rejalashtirilgan. Bu “Happy schools” (Baxtli maktablar) zo‘ravonlik, jinoyatchilik, zararli odatlardan xoli mustahkam oila va maktab hamkorligiga asoslangan xavfsiz maktablar sanaladi.
Сообщить об опечатке
Текст, который будет отправлен нашим редакторам: