Uyg‘oq fikr
Inson bu dunyoga kelmasidan oldin onasining jism-u jonida nafas ola boshlaydi. Eng birinchi tinglagan musiqasi onasining yurak urishidir. U hali hech narsani anglamay turib, ona vujudini anglaydi, sezadi. U yorug‘ dunyoga kelgandagi yig‘isi, chinqirig‘i ona vujudini tark etgisi kelmaganidan, onaning issiq bag‘ridan ayrilishni istamaganidandir.
Farzand bu dunyoga kelishi bilan onaga talpinadi. Ona sutidan a’loroq ozuqasi yo‘q. Onasining hididan yoqimli hid, allasidan aziz qo‘shiq yo‘q. Bu ilohiy bog‘liqlikka qanday putur yetadi? Qachon putur yetadi? Biz hech qachon o‘zbekchilikning yozilmagan, ammo muqaddas qonunlariga xiyonat qilmaymiz. Unda onasining aytganini qilmaydigan bolalar qanday paydo bo‘lmoqda? Bolalarning murg‘ak qalbida bobosi, buvisining fikrini inkor qilish qaerdan paydo bo‘lmoqda? Ulardan ruhan uzoqlashish, ularni sog‘inmaslik…
Avvalo, biz kattalar bolalarimizdan uzoqlashmayapmizmi? Bizning o‘zimizdan boshlanmayaptimi muqaddas qonunlarni pisand qilmaslik? Biz bolalarsiz rohat istab qoldik. Bolalarsiz kafe, restoranlarga borishni istaymiz. Bolalarsiz mehmondorchilikka borishni ma’qul ko‘ramiz. Hatto qarindosh-urug‘nikiga bolalarsiz borishni qulay sezamiz. Bola bizga xalaqit beradi. Bola bilan borsang, miriqib dam ololmaysan, bola gapni bo‘ladi, bola madaniy joylarda madaniyatsizlik qilishi mumkin. Va hokazo…
Biz bolamizga keraklicha vaqt ajratmaymiz. Zero, bu ham har kimda har xil kechadi. Ayrim bola bor – unga bir kunda ikki soat vaqt ajratib, darslarini tayyorlatib, chin dildan gaplashib o‘tirish mumkin. Ayrim bola bor – sizni tushunadi, darslarini ham qiladi, qo‘shimcha vazifalarni ham ko‘ngildagidek bajaradi.
Isroilda bolasi “2” baho olgan odam ishdan bo‘shash uchun ariza berar ekan
Albatta, bolaga faqat onaning o‘zi har kun vaqt ajratolmasligi mumkin. Unda ota yordamga shoshilmog‘i kerak. Yo‘qsa, uydagi keksalar ko‘makka kelishi kerak. Bola to fanlarni yaxshi o‘zlashtirib olguncha, albatta. Isroilda bolasi “2” baho olgan odam ishdan bo‘shash uchun ariza berar ekan. Agar uning bolasi bir oy ichida bahosini “5” ga tuzatsa, otaning ish o‘rni va oylik maoshi saqlanib qolarkan.
Bizda-chi? Bolamizning fanlardan yaxshi o‘zlashtirishi uchun yetarli vaqt ajratyapmizmi? Maktab bilan bog‘lanib turamizmi? Bola qaysi fandan “oqsayotgan” bo‘lsa o‘sha fan o‘qituvchisi bilan uchrashib maslahatlashyapmizmi?
“Otalarni maktabga jalb etish, ota-onalar yig‘ilishiga chaqirish juda qiyin. Yig‘ilishlarga asosan onalar kelishadi. Bola yaxshi o‘zlashtirmayotganini kundalikka yozib yuborsak, ba’zi otalar bolalarini jazolaydilar. Axir, bunda bolani ruhan mayib qilib qo‘yishimiz mumkin-ku. Bola yomon baho olib borsa, bir o‘quvchimning otasi soatlab qo‘lini ko‘tartirib, burchakka turg‘azib qo‘yar ekan” deydi Sergeli tumanidagi Z-umumta’lim maktabi direktori Nigora Jabborova.
Bolani jazolashdan oldin o‘zimizni nazorat qilsak, o‘zimizga quyidagi savollarni bersak bo‘larmidi:
– Siz bolangiz o‘qiydigan maktabga bir yilda bir marta bordingizmi?
– Maktab kutubxonasiga kirib ko‘rganmisiz?
–Nega sizning bolangiz birorta ham fan olimpiadalarida ishtirok etmaydi?
–Maktab oshxonasidagi taomlar haqida fikringiz qanday?
–Nega bolangiz kamgap, bolalarga qo‘shilmaydi?
–Nega bolangiz sport musobaqalarida faol emas?
–Nega bolangiz keyinga paytlarda jizzaki va asabiy?
–Bolanggizning maktabda do‘sti yo‘q, nima uchun?
Siz shunchalar bandmisiz? Yoki o‘z bolangiz o‘qiyotgan maktabga borsangiz obro‘yingizga putur yetadimi? Bolangizga ta’lim berayotgan o‘qituvchilar bilan uchrashsangiz, mansabingizdan tushib qolasizmi?
Yo‘q, sizning vaqtingiz yo‘q! Ko‘ngilochar davralarga, gap-gashtaklarga, bozorma-bozor yurishga vaqt topasiz. Sobiq sinfdoshlar, kursdoshlar yoki hamkasblar, do‘stlar, jo‘ralar uchun vaqt bor. Maktabga borishga esa vaqtingiz yo‘q. Bu adolatdanmi, insofdanmi?
5 ta fan doktori, 8 ta fan nomzodi
Buxoroning Shofirkon tumanida Tezguzar degan qishloq bor. Shu qishloqda o‘zbek falsafasining otasi, akademik Ibrohim Mo‘minov tavallud topgan. Tezguzar va uning yaqinidagi qishloqlardan 5 ta fan doktori, 8 ta fan nomzodi chiqqan. Tezguzarga bitta yangi kitob kelsa, uni butun mahalla qo‘lma-qo‘l qilib o‘qigan.
Akademikni bolaligida hamqishloqlari “dono qush”deb atashar ekan. Hozir ham tezguzarliklar a’lochi bolalarga ”dono qush”deya hurmat bildirishadi. Jizzaxda Garasha degan qishloq bor. Bu qishloqda bironta bola “2” baho olsa, tog‘da yurgan cho‘ponlar ham eshitarkan. Yomon baho olgan bolaning ota-onasini ko‘rgan garashaliklar uyiga qayg‘u yo‘llagan odamni ko‘rganday hamdardlik bildirib: “Xafa bo‘lmang, bolangiz “2” bahoni tezda tuzatadi. Axir u garashalik-ku!” deb dalda berishar ekan.
Yosh Amir Temurga otasi Tarag‘ay Bahodir bir kun ko‘p qo‘y berib, sotib kelishni buyuribdi. Temur qo‘ylarni sotib bozor aylanib yursa, bir darvesh qo‘lida bir parcha qog‘ozga yozilgan she’rni ming tillo tangaga sotaman, deb boshi uzra aylantirayotgan ekan. Temur qog‘ozni sotib olibdi. Darvesh unga qog‘ozni otang oldida ochib o‘qigin, debdi. Shunga ko‘ra, Temur qog‘ozni otasiga ko‘rsatibdi. Darvesh taniqli olim Kamol Xo‘jandiy ekan. Tarag‘ay Bahodir o‘g‘lidan ranjisada, bu xarid ortida ezguliklar borligini sezib, mamnun bo‘libdi.
“Bilim barcha kulfatlarga qalqon” degan ekan hazrati Rudakiy. Demak,bolalarimizga kitob o‘qishni o‘rgatish balolardan himoyalanishni o‘rgatish ekan-da.
Maktabda shakllanayotgan immunitet oilaga borib boy berilmasin
Bola emaklay boshlaganda issiqda kuyib qolmasligi uchun unga choynakni ko‘rsatib, ”Bu issiq, ushlasang kuyasan” deb,tushuntiramiz. Murg‘ak buni kunba-kun tushunib boradi. Asta qo‘lini tegizib ko‘rib,qayta choynakni ushlamaydi. Aqlini taniy boshlagach, elektrdan, olovdan, suvdan ehtiyot bo‘lishni o‘rgatamiz. Oqibati halokat ekanini bola anglab yetgach, xotirjam bo‘lamiz. Nega kitob o‘qishga – halokatdan himoyalanishga o‘rgatmaymiz. O‘rgatish, kerak bo‘lsa, majburan o‘rgatish kerak. To‘g‘ri, bu og‘ir ish. Ketmon chopishni o‘rgatish osondir, kamon otishni, qo‘shiq aytish o‘rgatish osondir, ammo kitob o‘qishni o‘rgatish og‘ir. Bu borada oila va maktab hamkorligi juda zarur. Maktabda shakllanayotgan immunitet oilaga borib boy berilaversa, bola orqaga ketaveradi. Uni har ikki tomon qattiq nazoratda ushlashi shart.
Ha, murakkab yo‘l bosib o‘tilishi uchun tarbiyaning barcha usullari qo‘llanilishi zarur. “O‘qituvchiga davlat maosh to‘laydi, o‘qitish uning vazifasi” desak, adashamiz, o‘zimizning zararimizga adashamiz. O‘qituvchi o‘qitmoqda, tarbiyalamoqda. O‘qituvchilar bolaga bergan bilimi uchun maosh oladi. Ammo bolaning bilimi ota-onasiga umrbod xizmat qiladi. Uning aqli ota-onasiga har kun, har lahza baxtli hayot baxsh etadi. Keksaligiga farog‘at, umriga mazmun beradi.
Aqlli odamlari ko‘p yurt qudratli bo‘lishini barchamiz bilamiz. Shuning uchun ham Prezidentimiz 2017 yil 13 sentyabrda “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarorni qabul qilib, bu masalani davlat darajasiga ko‘tardi. Bu qarorning ijrosi har bir oilaga ziyo olib kiradi. Har bir insonning umr yo‘lini munavvar etadi. Bugun har bir mahallada kutubxona tashkil etilmoqda. O‘quv muassasalarida ommaviy kitobxonlik o‘zining dastlabki natijalarini bera boshladi. Shunday ekan, har bir oila boshlig‘i o‘z muqaddas saltanati – oilasida ma’rifat homiysi bo‘lmog‘i shart. Tushunmaganlarga tushuntiriladi. Yodidan chiqarganlarning yodiga solinadi. Yer yuzida millionlab odamlar savodxonlik baxtidan bebahra. Millionlab odamlar o‘z ismini yoza olishdek quvonchdan benasib. Uyiga bir dona ham kitob olib kirmaydigan odamlar bor.
Kitob do‘koniga bormagan ota yoki ona ertaga bolasidan nima kutadi?
“Kitoblar donishmandlikni yoyish qurolidir” deya uqtiradi mashhur pedagog Kamenskiy. “Har kun jahonning eng donishmand kishilari bilan muloqotda bo‘lishdan ko‘ra qimmatliroq nima bor?” deydi Lev Tolstoy.
Uyingizga kitob keltirsangiz, jahon donishmandlarini uyingizga taklif etgan bo‘lasiz. Donishmandlar yashayotgan uyga baxtsizlik kirolmaydi.
Muhtaram ota-onalar! Bolangizning o‘qishini nazorat qilishga vaqt toping. O‘zlashtirishi qiyin bo‘lgan fanini aniqlang. Bolani jazolashga, o‘qituvchini ayblashga shoshilmang. Sabr bilan yondashing. Bolaga fikrlashni o‘rgating. Bola o‘zini anglashiga yordam bering. Kuchiga ishontiring. Hozir bolaga vaqt ajratmasak, kelajak bizni kechirmaydi.
Hozir fursatni qo‘ldan boy berish, keksalikda xor bo‘lishga rozi bo‘lishdek gap
U yillab oliy o‘quv yurtining eshigidan bosh egib qaytaveradi. Biror joyda ishi yurishmaydi. Bir amallab uyli-joyli qilarsiz ham, undan keyin-chi? To kuch-madordan qolguncha oilasini ham boqarsiz. Siz ham temir odam yoki ochildasturxon emassiz. Bir kun holdan toyib yiqilsangiz, sizni suyab qoluvchi kuch yo‘qligini his etib yashashning o‘zi og‘ir kechadi.
“Oltmish yoshdan keyin qanday yashashing va qancha yashashing bolalaringga bog‘liq”degan ekan donishmandlar. Siz yetmishdan oshib ham o‘zingizni o‘zingiz ta’minlashingiz mumkin. Ammo bolangizning jamiyatda o‘rni yo‘qligini his etish sizni ruhan ezmaydimi?
Bolangizning shaxs bo‘lishini ko‘rishni istasangiz, bugun maktabga shoshiling!
Ustozlar, murabbiylar bilan hamsuhbat bo‘ling. Ularga qanot, quvvat bo‘ling. Ular mehnatini qadrlang. Bu yo‘lda sizga o‘qituvchidan boshqa ko‘makdosh yo‘q.
Bobosidan qolgan katta boylikni ko‘paytirish, hech qursa, uni asrab qolish uchun ham ilm-u uquv zarur-ku. Agar u boylik sizdan nari yo‘qolishini istamasangiz bolani kitobga oshno eting.
O‘n-o‘n besh yil bir pastda o‘tib ketadi. Bolaga vaqt ajratgan, bola bilan shug‘ullanganlarning bolalari oliy o‘quv yurtlariga o‘qishlarga kiradi. Olamshumul yutuqlarga erishadi. Ota-onalarining armonlarini ushaltiradi. Zamonasining yetuk kishilariga aylanadi. Omadli bo‘ladi. O‘sha omadli bola sizning bolangiz bo‘lsin. O‘sha omadli bola mening bolam bo‘lsin. O‘sha omadli bola kelajagi buyuk O‘zbekistoning bolasi bo‘lsin,ilohim!
Zulfiya Mo‘minova,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira.
Сообщить об опечатке
Текст, который будет отправлен нашим редакторам: