O‘zbekistonning har bir hududida Prezident maktablari tashkil etiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoev Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda e’lon qildi.
Mamlakatimizni yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarishni o‘z oldimizga ustuvor vazifa qilib qo‘ygan ekanmiz, buni amalga oshirish uchun bizga, eng avvalo, yangi avlod kadrlari kerak. Ana shunday yuksak salohiyatli kadrlarni tarbiyalash maqsadida yurtimizning har bir hududida bittadan yangi tipdagi maktablar – Prezident maktablarini tashkil etishni rejalashtirganmiz”, – dedi Shavkat Mirziyoev.
O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovning aytishicha, Prezidentimizning tashabbusiga ko‘ra birinchi maktab Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida tashkil etiladi. Prezident maktablari bosqichma-bosqich mamlakatimizning boshqa hududlarida ham ochiladi, dedi vazir.
Sherzod Shermatov soha mutasaddilariga maktabni tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
“Prezident maktablarining asosiy maqsadi mamlakatimizning har bir viloyatida iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularning rivojlanishiga kerakli sharoitlar yaratishdir”, – dedi Xalq ta’limi vaziri. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur maktab bitiruvchilari kelajakda mamlakatimiz rivojlanishiga o‘z hissalarini qo‘shishlari kerak.
Vazirning aytishicha, Prezident maktablari STEAM (Science (fan), Technology (texnologiya), Engineering (muhandislik), Art (san’at) va Mathematics (matematika)) fanlarini o‘qitishga ixtisoslashgan bo‘ladi.
Ya’ni, Prezident maktablarida yoshlarga matematika, fizika, kimyo, biologiya va axborot texnologiyalari hamda xorijiy tillar ilg‘or ta’lim metodologiyalari asosida chuqur o‘rgatiladi.
“Prezident maktablarida o‘quvchilarni tanlash va ta’lim sifatini ta’minlash uchun ularni xorijlik mutaxassislar boshqaradilar. Shu bilan birga, maktabga malakali xorijlik hamda mahalliy pedagoglar jalb etiladilar va ularning faoliyatiga kerakli shart-sharoitlar yaratiladi”, – dedi Shermatov.
Vazirning qayd etishicha, hozirda tegishli vazirlik va idoralar tomonidan Prezident maktablari faoliyati va o‘quvchilarni qabul qilish masalalarini tartibga soluvchi kerakli me’yoriy hujjatlarni tayyorlash bo‘yicha ishlar boshlandi. Bu hujjatlar o‘quvchilarga qo‘yiladigan talablar va qabul qilish jarayonini belgilab beradi.
“Fursatdan foydalanib, men xorijlik mutaxassislar va xorijda ishlayotgan yurtdoshlarimizni ushbu loyihada ishtirok etishga va O‘zbekiston ta’lim tizimini rivojlantirishga hissa qo‘shishga chaqiraman. Mutaxassislardan o‘z rezyumelarini va takliflarini expert@xtv.uz elektron pochtasiga yuborishlarini so‘rayman”, – dedi vazir.
Xalq ta’limi vazirligi
Axborot xizmati
Сообщить об опечатке
Текст, который будет отправлен нашим редакторам: