Ijtimoiy fanlar o‘qituvchilari Forumi

2017-yilning 24- va 25-mart kunlari “Ijtimoiy fanlarni o‘qitish va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni takomillashtirishda o‘quv-tarbiya jarayonining sifat va samaradorligi: muammo va yechimlar” mavzusida ijtimoiy fanlar o‘qituvchilari Forumi o‘tkazildi.

Ushbu Forum Xalq ta’limi vazirligi, Respublika ta’lim markazi, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi va Toshkent shahar xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti hamkorligida tashkil etildi.

Forumning birinchi kuni Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi 9-sonli umumta’lim maktabida davlat va huquq asoslari, tarix, iqtisod, milliy g‘oya fan o‘qituvchilari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari uchun mahorat darslari ko‘rsatildi. Davlat va huquq asoslari fanidan TShXTXQTMOI “Ijtimoiy-iqtisodiy fanlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi S. Shermuxamedova hamda Mirzo Ulug‘bek tumani 275-maktab o‘qituvchisi, 2016-yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi N. Rustamova “Milliy-ma’naviy qadriyatlar asosida huquqiy madaniyatli yoshlarni tarbiyalash” mavzusida, tarix fanidan TShXTXQTMOI “Ijtimoiy-iqtisodiy fanlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi N. Narziev va Mirzo Ulug‘bek tumani 248-maktab o‘qituvchisi F. Omonova “O‘quvchilarda tarixiy manbalar va mediaresurslar bilan ishlash kompetensiyalarini rivojlantirish yo‘llari” mavzusida, milliy g‘oya fanidan TSHXTXQTMOI “Ijtimoiy-iqtisodiy fanlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi     D.Vohidov va Mirzo Ulug‘bek tumani 49- maktab o‘qituvchisi N. Xolmuxamedova “Ma’naviy tahdidlarga qarshi kurashda yoshlar ongi va qalbida mafkuraviy immunitetni shakllantirish vositalari ” mavzusida, iqtisod fanidan TShXTXQTMOI “Ijtimoiy-iqtisodiy fanlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi N. Artikov va Yunusobod tumanidagi 12-maktab o‘qituvchisi Z.Akramova “Davlat byudjeti” mavzusida, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari uchun “O‘quvchilarda kompetensiyalarni shakllantirishda ma’naviy-ma’rifiy ishlarning o‘rni” mavzusida Uchtepa tumanidagi 107-ixtisoslashtirilgan maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sh. Bagirova mahorat darslarini ko‘rgazmali usulda tashkil etdilar. Forum ishtirokchilari o‘tkazilgan mahorat darslaridan o‘z ish faoliyatlarida qo‘llash uchun anchagina metodik yo‘l-yo‘riqlar olganliklarini alohida ta’kidlab, o‘z minnatdorchiliklarini bildirdilar.


Saytda xatoni uchratsangiz, uni belgilab Ctrl+Enter tugmalarini bosing va sayt boshqaruvchisiga xabar bering!