Intilganga – tole yor!

Joriy yilning 2–4-oktyabr kunlari Toshkentda Buyuk Britaniya, Rossiya, Germaniya va boshqa davlatlardan kelgan nashriyotlar ishtirokida “Tashkent Book Fest” kitob yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekistonda ilk marotaba o‘tkazilayotgan ushbu yirik madaniy tadbirda yetti mamlakat – Buyuk Britaniya, Germaniya, Qozog‘iston, Koreya, Qirg‘iziston, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya davlatdan 16 ta nashriyot va kitob savdo tashkilotlari vakillari ishtirok etdilar.

Ko‘rgazma-yarmarkaning asosiy maqsadi – kitob va mutolaani targ‘ib qilish, ishtirokchi davlatlarning adabiy merosini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, mutolaa madaniyatini shakllantirish, jahon bosma sanoati tajribasini o‘rganish va nashriyotlar hamda kitob tarqatuvchilar, axborot-kutubxona muassasalari va kitob-mutolaa masalalariga mas’ul tashkilotlar o‘rtasida xalqaro aloqalarni o‘rnatishdan iborat.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqan xorijiy mehmonlar ham O‘zbekistonda kitobxonlik va kitob noshirligi sohasidagi olib borilayotgan ishlarni yuqori baholashdi. Xususan, Qozog‘iston Madaniyat va sport ishlari vazirligi Til siyosati Qo‘mitasi raisi Galimjan Meldeshov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan «Beshta tashabbus» va uning doirasida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va kitobxonlikni keng targ‘ib qilish borasida qilinayotgan ishlar qo‘shni davlatda ham ijobiy taassurot uyg‘otayotganini ta’kidladi.

2–4-oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan mazkur ko‘rgazmaning bugungi kun dasturidan bir qancha yangi kitob taqdimotlari, arzonlashtirilgan kitob savdolari, mushoiralar, sovrinli intellektual viktorinalar hamda musiqiy tadbirlar o‘rin olgan.

Mazkur xalqaro ko‘rgazma-yarmarka nafaqat kitoblar namoyishi, balki soha xodimlari va ishtirokchilar uchun o‘zaro tajriba almashish, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, bir so‘z bilan aytganda, yangi texnika va texnologiyalarni, yangicha yondashuvlarni joriy etishda yana bir muloqot maydoni bo‘lib xizmat qiladi deb o‘ylaymiz.

Mazkur ko‘rgazmada Markazimizning katta o‘qituvchisi, shoira Buxolida Supiyeva ham faol ishtirok etdi. U o‘zining “Qalbim ko‘zgusi” nomli innovatsion she’riy to‘plamini xorijlik va yurtimiz kitobxonlari hamda barcha ishtirokchilariga taqdimot qilib berdi. Ishtirokchilar mazkur yangilikni qo‘llab quvvatladilar. Shuningdek, shoiramiz kitobxonlar tomonidan “Qalbim ko‘zgusi” kitobining qulayliklari bo‘yicha berilgan savollarga javob berdi. Mazkur taqdimot OAVlarida ham yoritildi.

O‘ylaymizki, Hududiy markazimiz o‘qituvchisining Xalqaro kitobxonlik tadbirlarida faol qatnashishi, ta’lim muassasamizning qolgan barcha professor-o‘qituvchi va xodimlari uchun ibrat namunasidir. Butun jamoamiz nomidan Buxolida Supiyevaning serqirra ijod olamiga omadlar tilab qolamiz!

S.T.Israilova – “Tillarni o‘qitish metodikasi” kafedrasi mudiri


Saytda xatoni uchratsangiz, uni belgilab Ctrl+Enter tugmalarini bosing va sayt boshqaruvchisiga xabar bering!