Ma’lumki, bugungi kunda jamiyatimizda sog‘lom ma’naviy muhitni yuzaga keltirish, yosh avlod qalbida Vatan tuyg‘usini shakllantirish, ularning yurtga dahldorlik hissini oshirish davlat siyosati darajasidagi muhim masalalar sirasiga kiradi. Ming afsuslar bo‘lsinki, dunyodagi ayrim qo‘poruvchilik, jaholat o‘choqlaridagi yovuzliklarni amalga oshirayotgan kimsalar milliy ma’naviyatimizning ajralmas qismi bo‘lmish islom dinidan niqob sifatida foydalanishmoqda. Shunday bo‘lsada, turli soha vakillari, xususan ta’lim sohasi vakillari orasida ham islom dinini dunyoviy ilmlardan ayri holda ko‘ruvchi mutaassiblikka moyil shaxslar topiladi. Ana shu jihatlarni inobatga olib Toshkent shahar xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti xotin-qizlar qo‘mitasi boshlang‘ich tashkiloti tomonidan 2017-yilning 22-iyun kuni “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirni institut rektori I.Ismatov kirish so‘zi bilan boshlab, tadbirdan ko‘zda tutilgan maqsad haqida gapirdi.
Ushbu tadbirda O‘zbekiston musulmonlar idorasi xodimi Ma’rupov Ilhomjon Islomovich ma’ruzachi sifatida ishtirok etib, jannatmakon o‘lkamizning go‘zal manzarasi dunyo musulmonlarining O‘zbekistonga havas ko‘zi bilan qaraganlarini jonli misollar bilan ta’riflab berdi. Ma’ruzachi bugungi dunyoning mafkuraviy manzarasi, yoshlar tarbiyasida har bir narsa muhim ekanligi to‘g‘risida gapirdi. Ota-onalar farzandlarini tarbiyalash jarayonida kiydirayotgan kiyimlaridan tortib, ko‘rayotgan multfilmigacha, kompyuter o‘yinlariyu, internet tarmog‘igacha e’tibordan chetda qoldirmasligi zarurligini alohida ta’kidlab, bolaning ong ostiga joylashgan ma’lumot bir kun kelib uni buzg‘unchi inson qiyofasiga moyillikka olib kelish xavfi tug‘ilishi mumkinligini ta’kidladi.
Tadbir so‘ngida Ilhomjon Ma’rupov o‘qituvchilarning qanchalik buyuk kasb egasi ekanliklari haqida gapirib, halifa Alining: “Menga bitta harf o‘rgatgan insonning quli bo‘lay. Xohlasa meni kechgacha ishlatsin, xohlasa bozorga chiqarib qul qilib sotsin”,- degan fikrini keltirganligi tadbirda ishtirok etgan institut professor-o‘qituvchilari va Toshkent shahar maktablarining boshlang‘ich sinf, davlat va huquq asoslari, iqtisodiy bilim asoslari, tarix, ona tili va adabiyot fanlaridan dars berayotgan o‘qituvchilarning shijoatlarini oshirishga, kasbiga yanada muhabbatli va mas’uliyatli bo‘lishga undadi.
TSHXTXQTMOI “Ijtimoiy-iqtisodiy fanlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi, xotin-qizlar qo‘mitasi boshlang‘ich tashkiloti raisi S. Shermuhamedova
Сообщить об опечатке
Текст, который будет отправлен нашим редакторам: