Poytaxtimizda Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi o‘rta ta’lim maktablarning 10-sinflarida dars beradigan fan o‘qituvchilari uchun qisqa muddatli malaka oshirish kurslari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari S.Turg‘unov va boshqalar mamlakatimizda ta’lim tizimini davr ruhiga monand isloh etish, uni sifat va mazmun jihatdan doimiy takomillashtirishga muttasil e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2017-yil 2-avgust kuni umumta’lim maktablari va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘rtasida o‘zaro integratsiyani ta’minlagan holda, 11-yillik o‘rta ta’lim tizimini joriy etish, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan isloh qilish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida soha xodimlari zimmasiga dolzarb vazifalar yuklatildi.
Bugungi kunda umumiy o‘rta ta’lim jarayonida olib borilayotgan yangilanish jarayonlarida o‘zlashtirilgan bilimlarni amaliyotda qo‘llay olish ko‘nikmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlat ta’lim standartlari, o‘quv dastur va rejalari, adabiyotlar ham ayni shu tamoyil asosida yaratilmoqda.
– Bugun yurtimizda shiddat bilan kechayotgan o‘zgarishlar ta’lim tizimida ham o‘z ifodasini topmoqda, – deydi Toshkent shahar xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti dotsenti Bahodir Haydarov. – Prezidentimiz tashabbusi bilan keng jamoatchilik, ota-onalar, ta’lim sohasi vakillari, o‘quvchilarning fikr va takliflarini puxta o‘rgangan holda umumta’lim maktablarida 10-11-sinflar tashkil etilmoqda. O‘tgan qisqa fursat mobaynida o‘quv-me’yoriy, uslubiy hujjatlarni takomillashtirish ustida ish olib borildi.
Seminarda yangi o‘quv yilida 12 fan kesimida o‘qituvchilar uchun muhim sanalgan masalalar bo‘yicha tushunchalar berildi.
Сообщить об опечатке
Текст, который будет отправлен нашим редакторам: