Umrimning qirq yildan ziyodi ta’lim tizimida o‘tdi. Oddiy o‘qituvchi,tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri, ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi tuman kengashi raisi bo‘lib ishladim. Qaysi lavozimda faoliyat ko‘rsatmay, xayolimning bir chekkasida doim bitta masala turgan: “O‘qituvchining obro‘si”.
Bugun nafaqaga chiqib, fayzli keksalik gashtini surar ekanman, hamon shu mavzu atrofida o‘y suraman. Ayniqsa, shogirdlarim nimalardandir norozi bo‘lib kelishsa yoki mehnatlari qadrsizlanayotganidan nolishsa, yuragimda og‘riq paydo bo‘ladi. Shundanmi,yaqinda “oynai jahon” orqali xalq ta’limi vaziri“O‘qituvchining obro‘sini oshirishimiz kerak” degan so‘zlarni aytganida ko‘zlarimdan yosh sizdi.
Men tumanimizdagi 1-son maktabda o‘qiganman. O‘sha kezlari Bekchon aka Navro‘zov bizga matematikadan saboq berardi. Rahmatli muallimimiz juda kamtar inson edi, o‘quvchilar bilan oson til topishardi. Balki shuning uchunmi, hammamiz matematikani yaxshi o‘zlashtirganmiz. U kishi juda oddiy kiyinardi. Biroq, kiyimida bironta dog‘ ko‘rmaganmiz. Maktabda ham, ko‘cha-ko‘yda ham o‘quvchilarga nasihatini darig‘ tutmasdi, hech kimning kamchiligiga ko‘z yumib ketmasdi. Po‘pisa qilmasdi, aksincha, yaxshi gap bilan qilgan ishimizning yomonligini tushuntirib qo‘yardi. Bekchon muallimga havas qilib, sinfimizda ko‘pchilik o‘qituvchilik kasbini tanlagani ham bejiz emas.
Men oliy o‘quv yurtini tamomlab, o‘qituvchilik faoliyatimni boshlagan kunim, duolarini olish uchun ustoz huzuriga bordim. Shunda Bekchon Navro‘zovdan bir rivoyatni eshitganim bor.
Aytishlaricha, bir insonning farzandi xastalanib, tabib shirinlik yeyish mumkin emasligidan ogohlantiribdi. Ota-onasi har kuni necha martalab shirinlik yemagin deb tayinlashmasin, bolaga bu sira kor qilmabdi. Shunda ota uni madrasada yoshlarga saboq beruvchi ustozning oldiga boshlab boribdi.
– Siz yoshlarga saboq berasiz, mahallamizda obro‘yingiz baland, o‘g‘limga ham nasihat qilsangiz, – debdi. Ustoz ikki haftadan keyin kelishni tayinlabdi. Belgilangan muddat o‘tibdi. Ota o‘g‘lini ustozga ro‘para qilibdi. Ustoz bolani oldiga chorlab,“O‘g‘lim, bundan keyin shirinlik yemang” deya ta’kidlabdi. Ota“O‘g‘limga nasihat qilasiz, deb o‘ylagandim, siz esa bir og‘iz gap bilan kifoyalandingiz”, deya ranjigandek bo‘libdi. “Men o‘g‘lingizga shu gapni aytish uchun ikki hafta shirinlik yemadim, inshoolloh, o‘g‘lingiz so‘zimga quloq soladi”, debdi ustoz. Bola rostdan ham shirinlik yeyishni tashlab, xastalikdan forig‘ bo‘libdi.
Ustozim aytib bergan ushbu rivoyat menga bir umrlik saboq vazifasini o‘tadi. Men “O‘qituvchi qanday bo‘lishi kerak?” degan savol javobini topdim va shunga monand harakat qildim. Darhaqiqat, biz ham biron masala yuzasidan ota-onamiz bildirgan fikrni u qadar jiddiy qabul qilmasdik, ammo shu gapni Bekchon muallim aytsa, demak, buto‘g‘ri ekan, degan xulosaga kelardik.
Xalq ta’limi bo‘limi mudiri bo‘lib ishlab yurgan kezlarim ayrim ota-onalar o‘qituvchilardan norozilanib kelishardi. O‘qituvchilar esa o‘quvchilar aytganini qilmayotganligidan nolishardi. Masalalarga yechim topishga harakat qilardim. Biroq… Hamma narsa pul bilan o‘lchanadigan davrda oladigan oyligi ro‘zg‘origa tuzukroq xarajat qilishga ham yetmaydigan o‘qituvchini nazarga ilmaydiganlar ko‘payib ketdi. Cho‘ntagiga ortiqcha ikki so‘m kirib, bosar-tusarini bilmay qolganlar bolalariga “Qo‘y, shu muallimingni” deydigan bo‘lishdi. Ko‘pchilik soha fidoyilari tirikchilik sabab ishini tashlab ketdi. Hujjatbozlik avj oldi. Qog‘oz to‘ldirishdan ortmagan muallim darslarini chala o‘tadigan bo‘ldi. Boisi, hech kim undan o‘quvchilarga qanday bilim beryapsan, deb so‘ramasdi-da. Hujjatlari taxt bo‘lsa bas.Hamma narsa nomigagina qilinishi, uslub birlashmalari faoliyati samarasiz tashkil qilinganligi ta’lim sifatiga ham, o‘qituvchi obro‘siga ham salbiy ta’sir qilmay qo‘ymadi. Boz ustiga o‘qituvchi tekin farroshga aylandi. Ko‘chani kim supuradi? Hasharga kim chiqadi? Paxtani kim teradi? Hammasining javobi“o‘qituvchi” edi.
Bugungi kunga kelib, mamlakat rahbari tomonidan ta’lim tizimiga qaratilayotgan e’tibor natijasida o‘qituvchilarning yelkasini bosib turgan keraksiz, ammo og‘ir yuklar olib tashlanib, sharafli va mas’uliyatli vazifa yuklandi – endi u bilim beradi!Shogirdlarim bilan suhbatlashib, ular bu vazifani ado qilishga shijoat bilan kirishayotganligini ko‘ryapman.
– Ustoz, ish haqimiz 25 foizga oshdi. O‘quvchilarimiz fan olimpiadalarida, tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritishsa, mukofot oladigan bo‘ldik.Yaxshi ishlasak, arzon uy-joyli, imtiyozli kredit asosida mashinali bo‘lish ham, mana nihoyat, nasib etdi. Qog‘ozbozlikdan qutulyapmiz. Endi ishlaydigan payt keldi, –deyishyapti ular.
O‘qituvchi obro‘si, bu – kompleks tushuncha. U o‘qituvchining bilim darajasi, dars o‘tish tajribasi, kiyinish madaniyati, muomala layoqati, oilaviy ahvoli, ijtimoiy darajasi kabi qator mezonlar asosida o‘lchanadi.Men o‘qituvchilar obro‘sini oshirish uchun maktablarda “O‘qituvchi odobi kengashi” tashkil qilishni taklif qilgan bo‘lardim. Ushbu kengash tomonidan o‘qituvchilar faoliyati nazorat qilib borilsa va har oyda kuzatuv natijalari muhokama qilinsa, o‘z ijobiy samarasini berishiga ishonaman.
Har bir fan bo‘yicha tuman miqyosida amaliy seminarlar tashkil qilish ham ayni muddaodir. Boisi, tajriba almashinuvlar orqali o‘qituvchi o‘z salohiyatini oshirish imkoniga ega bo‘ladi.
Bugun mamlakatimizda ilm-fanni ravnaq toptirish masalasiga davlat siyosati darajasida qaralmoqda. Bu bejiz emas. Ilmning rivojlanishi barcha sohalar rivojining asosidir. Ilmning asosi esa ta’lim, albatta. Aynan shunga ko‘ra, tabiiy fanlarni yanada chuqurroq o‘qitishni tashkil qilishimiz kerak.
Chang bosib qolgan ximiya, fizika laboratoriyalarini o‘quvchilarning sevimli maskaniga aylantirish zarur. Sir emaski, o‘qituvchi darsni qiziqarli qilib o‘tsa, amaliy misollarga murojaat qilsa, reaksiya jarayonlarini o‘quvchi o‘z ko‘zi bilan ko‘rsa, bu fanlarni o‘zlashtirishi ham, tushunishi ham oson bo‘ladi. Mamlakatimizning keyingi taraqqiyoti ushbu fanlar bilan bog‘liqligini unutmaylik.Komillikni orzu qilgan har bir shaxs tarix, adabiyot, geografiya, matematikani yaxshi bilishi shart, deb hisoblayman. O‘qituvchi bu fanlarning jozibasini butun bo‘y-basti bilan ko‘rsatgan holda o‘tishi uchun o‘z ustida tinimsiz izlanishi, nafaqat mamlakatimiz, balki xorij tajribasini ham o‘rganishi darkor. Bu vaziyatda esa xorijiy tillarni o‘rganishning, zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanishning ahamiyati katta. Shu bois har bir o‘qituvchining AKTni bilish darajasini sinovdan o‘tkazib, ta’lim muassasalarining o‘zida o‘qituvchilar uchun bepul o‘quvlar tashkil qilishga to‘g‘ri keladi. Tizimda samarali faoliyat ko‘rsatib, davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan o‘qituvchilar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Joylarda ularning yosh o‘qituvchilar bilan uchrashuvlarini uyushtirish ham benihoya katta foyda keltiradi.
Masalaning yana bir jihati borki, o‘qituvchi obro‘sidan butun jamiyat bemisl manfaat ko‘radi. Shunday ekan, ota-onalar, keng jamoatchilik ham o‘qituvchilar obro‘sini oshirishga ko‘maklashishi kerak.
1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni. Ochig‘ini aytish kerak, o‘tgan yilga qadar ushbu bayramni paxtazorda kutib olganmiz. Men bu yil ushbu kun chin ma’noda umumxalq bayrami sifatida nishonlanishiga umid qilyapman. Bayramni nafaqat maktablarda, barcha jamoalarda, oilalarda nishonlasak, qanday yaxshi! Bizga saboq bergan ustozlarimiz holidan xabar olsak, ularga o‘z tilaklarimizni bildirsak, ishxonamizga taklif qilib, erishayotgan yutuqlarimiz bilan tanishtirsak, farzandlarimizga o‘zimizning sevimli o‘qituvchilarimiz haqida so‘zlab bersak… Teatrlar, muzeylar, saylgohlar shu kuni o‘qituvchilar uchun beminnat xizmat ko‘rsatsa… Bunday ehtirom xalqimizning o‘qituvchiga bo‘lgan munosabatini o‘zgartiradi, o‘qituvchini ham o‘zining jamiyatdagi mavqei haqida xulosa chiqarishga va shunga yarasha harakat qilishga undaydi.
Shuhrat YuSUPOV,
Xalq ta’limi a’lochisi,
mehnat faxriysi.
Ishonch gazetasi
2018 yil 20 senyabr 113-soni
Сообщить об опечатке
Текст, который будет отправлен нашим редакторам: