Ta’lim sifati va samaradorligini oshirish yo‘lida

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 13 fevraldagi 126-F-sonli farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 21-22 aprel kunlari institutda “Xalq ta’limi tizimidagi “Mahorat maktablari” faoliyatini tashkil qilishning ilmiy-nazariy va metodologik asoslari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.

Anjumanda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining oliy ta’lim muassasalari bilan o‘quv va ilmiy-metodik hamkorligini samarali yo‘lga qo‘yish, oliy ta’lim muassasalari hamda xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutlari professor-o‘qituvchilarining ilmiy-pedagogik salohiyatidan samarali foydalanish, umumta’lim maktablarida ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, “Mahorat maktablari” faoliyati ishlarini yanada takomillashtirish, mazkur yo‘nalishda mavjud yutuq va kamchiliklar kabi masalalar yalpi va sho‘ba yig‘ilishlarida atroflicha muhokama qilindi.

Anjumanga Xalq ta’limi vazirligi raxbariyati, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti professori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari, tuman (shahar) xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limlari metodistlari, T.N.Qori Niyoziy nomidagi O‘zPFITI ilmiy xodimlari, katta ilmiy xodim-izlanuvchilari, mustaqil tadqiqotchilar, Respublika ta’lim markazi xodimlari, Davlat pedagogika institutlari professor-o‘qituvchilari, magistrlari va talabalari, A.Avloniy nomidagi XTXQTMOMI va hududiy institutlarning professor-o‘qituvchilari, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining o‘qituvchilari taklif etildi.

Mazkur konferensiya ishida jami 40 ta tashkilotdan 140 nafar maqolalar mualliflari va Toshkent shahar hamda viloyatlardan tashrif buyurgan “Mahorat maktablari”ning 57 nafar mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.

Shuningdek, konferensiya davomida ijodkor o’qituvchilar O.Mahmudovaninig “Gullar ko’rgazmasi” va Z.Radjapovaning “Tabiat in’omlari” mavzusidagi amamliy san’at namunalari ko’rgazmasi tashkil etildi.

Anjuman sho‘ba yig‘ilishlarida muhokama qilingan 131 ta ma’ruzalar mazmunida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari, tuman (shahar) xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limlari metodistlari, Respublika ta’lim markaz xodimlari, oliy ta’lim muassasalari, xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy institutlari professor-o‘qituvchilari hamda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining “Mahorat maktablari” faoliyatiga mas’ul o‘qituvchilari, katta ilmiy xodim-izlanuvchilar, mustaqil tadqiqotchilar, magistrlar va talabalar uchun amaliy ahamiyatga ega tashkiliy, ilmiy-metodik tavsiyalar ishlab chiqildi.


Saytda xatoni uchratsangiz, uni belgilab Ctrl+Enter tugmalarini bosing va sayt boshqaruvchisiga xabar bering!