Ta`lim muassasasi tarixi
O‘zbekiston Maorif ministrligini taklifiga binoan, Toshkent shahrida 1957 yilda O‘zbekiston Ministrlar Sovetining farmoyishi bilan Toshkent shahar o‘qituvchilar malakasini oshirish instituti tashkil etilgan. Unda fanlar yo‘nalishida 12 ta metodika kabineti bo‘lib, 43 nafarga yaqin metodist- o‘qituvchi va ikki nafar fan nomzodi ishlagan. Institut Toshkent shahar xalq ta’limi Bosh boshqarmasi huzurida faoliyat ko‘rsatadigan ta’lim muassasasi edi. Institutning asosiy vazifasi xalq maorifi tizimidagi o‘qituvchilar va bolalar bog‘chalari rahbarlari hamda tarbiyachilari malakasini oshirish va ularga metodik xizmat ko‘rsatishdan iborat bo‘lgan.
Institutda maktab direktorlari, ularning o‘rinbosarlari va fan o‘qituvchilari, maktabgacha ta’lim muassasalarining mudirlari, uslubchilar, tarbiyachilar uchun kurslar tashkil etilgan.
Malaka oshirish kurslari tinglovchilarning metod kunlarida, ya’ni darsdan ajralmagan holda tashkil etilgan.
Hozirgi kunda mazkur institut Toshkent shahar xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularni malakasini oshirish instituti deb yuritiladi.
Institutda rahbarlik qilganlar haqida.
Institutning birinchi direktori Ilyosov Qutbiddin Ilyosovich (1957-1966y) – haqiqiy tashkilotchi, ta’lim boshqaruv tizimini yaxshi tushunadigan rahbarlardan biri sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Shuningdek, u bir necha yil tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri, maktab direktori lavozimlarida ishlagan.
- Aminova Xayriniso (1966-1975y)
- Kelganov Olimjon (1975 – 1977 y)
- Saidahmedov Mahmud Saidahmedovich (1977 – 1986y)
- Oripova Luiza Nabiyevna (1986 -1995y)
- Shomansurov Shomuxtor (1995 – 1999y)
- Aliyeva Dinara Abduganiyevna (1999 – 2002y)
- Yo‘ldoshev Hamidula Qayumovich (2002 – 2013y)
- Kenjayev Dilshod Mutalibovich (2013-2015y)
- Taylakov Norbek Isakulovich (2015 – 2016y)
- Ismatov Ibrohim Shaxriyorovich ( 2016 – 2018y)
- Jumanazarov Sirojiddin Salaydinovich (2018-h.v.)
Institut malaka oshirish va qayta tayorlash bilan bir qatorda shahar ta’lim muassasalari uchun metodik ishlar markazi sifatida:
- Barcha fanlar bo‘yicha uslubiy birlashmalar ishini uyushtirgan;
- Tuman xalq ta’limi bo‘limlari metodik xizmatini muvofiqlashtirgan;
- Shahar pedagoglar ilmiy – pedagogik kengashi faoliyatini takomillashtirgan.
Institutda shart – sharoitlar yetarli darajada bo‘lmaganligi hamda tashkil etiladigan kurslarga asosan oliy o‘quv yurtlarining professor – o‘qituvchilari ma’ruzachi sifatida taklif etilganligi sababli aksariyat dars mashg‘ulotlari oliy o‘quv yurtlari bazasida olib borilgan.
Malaka oshirish ishlari metodik faoliyat va nazorat ishlari bilan birga olib borilgan. Bularning barchasi metodistlar zimmasiga mas’uliyat yuklashi bilan bir qatorda shahar ta’lim muassasalarida muammolardan xabardor bo‘lish, ularga har bir maktab hayoti, metodbirlashma faoliyati bilan tanishib borish imkoniyatini berar edi.
O‘sha davrdagi o‘qituvchilar malakasini oshirish institutining moddiy – texnik bazasi yetarli darajada emasdi. Jumladan, bitta eski rusumdagi kompyuter sinfi, eski mebel jihozlari kimyo, fizika va biologiya fanlaridan laboratoriya asbob – uskunalari umuman yo‘q edi, xonalarning jihozlanishi talabga javob bermasdi. O‘quv xonalari yetarli bo‘lmaganligi bois, dars mashg‘ulotlari to‘liq ikki smenada olib borilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining 2012 yil 25 iyuldagi “Xalq ta’limi rahbar va pedagog xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 227-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Xalq ta’limi muassasalari rahbar va pedagog kadrlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash mazmuni hamda sifatiga qo‘yiladigan Davlat talablari” 05.03.2013 yilda O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligidan O̒zDSt 2767:2013 3523-qayd raqami bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Bugun
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 26 sentyabrdagi “Pedagog kadrlarni tayyorlash, xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularni malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3289-sonli qarori asosida ta`lim muassasasi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti huzuridagi xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi deb nomlandi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi tasarrufiga o`tkazildi.
Hududiy markazda 6 ta kafedra, 6 ta bo‘lim faoliyat ko‘rsatmoqda. Kafedralarda 139 nafar professor-o‘qituvchilar (42 nafar asosiy shtatda, 18 nafar o‘rindosh, 59 nafar soatbay), bo‘limlarda 37 nafar xodimlar bo‘lib, kafedralarda 3 nafar fan doktori, professor, 32 nafar fan nomzodi, dotsentlar va 104 nafar katta o‘qituvchi, faoliyat ko‘rsatmoqdalar. Ilmiy salohiyat 47,9 % ni tashkil etadi.
Ta`lim muassasasi kapital ta’mirlangan, barcha shart-sharoitga ega bo‘lgan 4 qavatli zamonaviy binoda joylashgan, professor-o‘qituvchilarning samarali faoliyat olib borishini ta’minlovchi normativ baza yaratilgan.
Malaka oshirish kurslarining samaradorligini oshirish maqsadida ta`lim muassasasining moddiy-texnika bazasi ham mustahkamlab borilmoqda. Hozirda hududiy markazda 217 ta kompyuter mavjud bo‘lib, ulardan 86 tasi ma’muriy xonalarda, qolgan 131 tasi o‘quv auditoriyalari uchun mo‘ljallangan. 281 ta kompyuterdan 159 tasi internet tarmog‘iga ulangan, 150 tasi 7 ta kompyuter sinfiga o‘rnatilgan. Mavjud 29 ta o‘quv xonalaridan 17 tasi o‘quv xonasi videoproektor, 10 tasi interaktiv elektron doska (barchasi kompyuter) bilan, shu bilan birga o‘quv xonalardan 14 tasi doira shaklidagi stollar, flipchartlar bilan ta’minlangan. Hududiy markazda mavjud o‘quv xonalaridagi 115 ta kompyuterlar internet tarmog‘iga ulangan.
Davomiylik malaka oshirishda 4 hafta – 144 soat, Maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilari, amaliy psixologiya va defektologiya (logopediya) yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy qayta tayyorlash 4 oylik 576 soat hamda maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilari yo‘nalishida nopedagog kadrlarni kasbiy qayta tayyorlash 6 oylik kurslari – 864 soatni tashkil etadi. O‘quv yuklamasining hajmi haftasiga 36 soatni tashkil qilgan. Auditoriya mashg‘ulotlari 80 daqiqa davom etadigan dars juftligi belgilangan.
Axborot-resurs markazining umumiy fondi 13517 dona adabiyotlar hamda 1553 ta elektron resurslardan iborat, 30 o‘rinli qiroatxonaga (126,4 kv.m.) ega. Axborot-resurs markazi 6 kompyuter, 2 printer, 1 skaner bilan ta’minlangan, internet tarmog‘iga ulangan. ARM o‘quv zalida 30 ta o‘rin bor. Kompyuterlar soni 6 tani tashkil etadi. Elektron kutubxona tizimi giu.uz saytining e-resurs bo‘limiga joylashtirilgan. Malaka oshirish va qayta tayyorlash tizimida foydalanish uchun o‘quv reja, o‘quv dasturi va o‘quv uslubiy majmualar giu.uz saytiga kiritilgan.
Сообщить об опечатке
Текст, который будет отправлен нашим редакторам: