Tinglovchilar uchun metodik yordam

Tasviriy san’at toifasi bo‘yicha MO kurs tinglovchilarining mutaxassislik fanidan kasb mahoratini oshirishda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishning samarali usullari

Q.Miraxmedov TSHXTXQTUMOI “Amaliy
fanlar va maktabdan tashqari ta’lim” kafedrasining katta o‘qituvchisi.

“O‘zini kamol toptira olmagan inson o‘zgalar kamolotini taminlay olmaydi”.

Konfutsiy.

Buyuk olim va pedagog Konfutsiyning bu fikri pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi barchaga tegishli bo‘lib, tasviriy san’at va chizmachilik malaka oshirish kurs tinglovchilariga ham taaluqlidir. Bugungi kunda qaysi soxa egasi bo‘lmasin malaka oshirayotgan tinglovchi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha nazariy bilim olishi bilan birga, amaliy malakalarini ham rivojlantirib boradi.
Bugungi kun tinglovchisi 3-5 yilda davriy o‘z malakasini oshirish bilan birga, malaka oshirgandan malaka oshirgungacha bo‘lgan davrda, o‘qishda o‘rganganlarini rivojlantirib borishi, fanga oid adabiyotlarni, gazeta va jurnallarni o‘qib, ochiq darslar o‘tkazib dars ishlanmalari tayyorlashi, tuman, shahar buyicha o‘tkaziladigan an’anaviy avgust kengashlarida, tanlov va tadbirlarda faol ishtirok etib mustaqil o‘z bilim va malakalarini, pedagogik mahoratini oshirib borishi zarurat hisoblanadi.
Tasviriy san’at fanini o‘qitish metodikasida juda ko‘p mavzular, atama va iboralar jamlangan bo‘lib, bularni anglash, o‘zlashtirish uchun nazariy bilimlarni olish bilan birga amaliy mashg‘ulotlarni bajarib borish talab etiladi. Umumiy o‘rta ta’limning DTS va o‘quv dasturlarida tasviriy san’at fanini o‘qitish bo‘yicha faoliyat turlari belgilangan.
1.Borliqni idrok etish
2.San’atni idrok etish
3.Naturaga qarab tasvirlash
4.Kompozitsiya
Malaka oshirish kurs tinglovchilari uchun amaliy mashg‘ulotlarni samarali tashkil etish borasida UO‘T DTS da belgilangan, tasviriy san’at fanidan “Naturaga qarab tasvirlash” va “Kompozitsiya” faoliyat turlari bo‘yicha ishlab chiqilgan amaliy mashg‘ulot o‘tkazishning bir necha samarali usullarini ko‘rib chiqamiz.
1.Kirish testida o‘tkaziladigan amaliy mashg‘ulot (naturaga qarab tasvirlash faoliyat turi bo‘yicha);
2. RRK da o‘tkaziladigan amaliy mashg‘ulot
(naturaga qarab tasvirlash faoliyat turi bo‘yicha);
3.Milliy bog‘da tashkil qilinadigan amaliy mashg‘ulot (naturaga qarab tasvirlash faoliyat turi bo‘yicha);
4.Hamkorlik shartnomasi asosida tayanch maktablarda o‘tkaziladigan amaliy mashg‘ulot (kompozitsiya faoliyat turi bo‘yicha);
5.Institut auditoriyalarida o‘tkaziladigan interfaol amaliy mashg‘ulotlar (kompozitsiya faoliyat turi bo‘yicha)

Birinchi samarali usul

Tasviriy san’at va chizmachilik malaka oshirish kursiga kelgan tinglovchilar amaliy mashg‘ulotlar bajarishning ilk bosqichini kirish testidan boshlaydilar. Bunda ularga metodika bo‘yicha test savollari berilishi bilan birga 25 daqiqaga mo‘ljallangan amaliy ish tarqatiladi. Amaliy ish o‘tkazishdan maqsad, tinglovchining qanchalik bilim va malakaga ega ekanligini o‘rganishdan iboratdir. Kirish testi natijalariga ko‘ra tinglovchidagi nazariy va amaliy bo‘shliq aniqlanib, o‘qish jarayonida mana shu kamchiliklarga e’tibor qaratiladi.

Ikkinchi samarali usul

Shartnoma bo‘yicha RRK ning jihozlangan auditoriyalarida o‘tkaziladiganamaliy mashg‘ulotlar tinglovchilarning naturaga qarab tasvirlash faoliyat turida natyurmort, portret ishlash malakalarini rivojlantiradi. Tasviriy san’atning turlaridan biri grafika bo‘lib, u bir necha yo‘nalishda jilolanadi. Tinglovchilar bajarayotgan qalamtasvir usuli qiziqarli va o‘ziga xos ko‘rinishga egadir. UO‘T maktablarida dars rejasiga qalamtasvir usuli uchun bir qancha soat ajratilgan. Tinglovchilar portret va natyurmortni qog‘ozga joylashtirishdan boshlab, yorug‘-soya qonuniyatlari asosida hajmli tasvirlashgacha bo‘lgan jarayonni o‘rganadilar.
Kurs tinglovchilarinig RRK da talabalarni turli janr bo‘yicha ijodiy ishlar ko‘riklarini tamosha qilib, bugungi yosh avlod ijodiy fikr kompozitsiyalaridan bahramand bo‘lishlari o‘zlarining maktabdagi ijodiy va amaliy ishlarida katta ahamiyat kasb etadi.

Uchinchi samarali usul

Manzara janri bo‘yicha milliy bog‘da o‘tkaziladigan amaliy mashg‘ulot ochiq tabiatda olib borilgani uchun juda qiziqarli bo‘lib, tinglovchilar manzara ishlash sirlarini puxta o‘rganadilar. Nazariy bilimlar amaliyotga ko‘chadi. Haqqoniy tabiatga boqib, manzara ishlash qonuniyatlari asosida ishlab o‘z bilim va malakalarini rivojlantiradilar. Tinglovchilarga manzarani ishlashda asosiy qoidalardan hisoblangan ufq chizig‘i, birinchi, o‘rta va keyingi rejalar , chizishni umumiy shakldan boshlash, o‘lchov va rang perspektivasi haqida tushunchalar berilib amaliy ishlar bajariladi.

To‘rtinchi samarali usul

Xamkorlik shartnomasi asosida Yunusobod tumanidagi 17, Olmazor tumanidagi 243- tayanch maktablarda o‘tkaziladigan ochiq darslarga oldindan tayyorgarlik ko‘riladi. Bunda dars beruvchi tinglovchilar 45 daqiqaga mo‘ljallangan darsni samarali taqsimlash maqsadida, darsni 5 qismga ajratadilar. Darsni har bir qismiga bir tinglovchi tayyorlanib kelib, dars texnologiyalari va texnika vositalarini qo‘llagan holda o‘quvchilar ishtirokida zamonaviy dars o‘tib beradilar. Tasviriy san’at va chizmachilik malaka oshirish kursi tinglovchilari ko‘chma amaliy mashg‘ulot darslarida maktab tasviriy san’at o‘qituvchisi faoliyati bilan ham tanishadilar. Dars mazmunini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishda, malaka oshirish jarayonidagi ko‘chma ochiq darslarning tashkil etilishi katta ahamiyatga egadir. Ahamiyatli tomoni shundaki, ochiq darslarga oldindan tayyorgarlik ko‘rilib, tarqatmali, ko‘gazmali materiallardan, texnika vositalaridan foydalanishga, interfaol metodlarni qo‘llashga e’tibor qaratiladi. 45 daqiqalik darsni qismlarga samarali taqsimlab olinadi. Ochiq dars amaliyotida darsni 10 daqiqalik yangi mavzuning bayoni qismi kurs rahbari sifatida ko‘rsatib beriladi.
Ochiq darsdan so‘ng jarayon tahlil qilinib o‘zaro tajriba almashiladi. Bugungi kun talabidagi darsga tayyorlanish va uni hamkorlikda o‘tish,tajriba almashish, tahlil qilish tinglovchi uchun mutaxassislik bo‘yicha malaka oshirishdagi asosiy vazifalardan biri hisoblanadi.

Beshinchi samarali usul

Kurs tinglovchilari institutda o‘tkaziladigan amaliy mashg‘ulotlarda “Charxpalak”, “Zig-zag”, “Zinama-zina” “Venn diagrammasi” “Klaster” va boshqa interfaol dars texnologiyalari asosida amaliy ish bajaradilar. Amaliy ishlar tasviriy, amaliy, me’moriy, dizayn va miniatyura san’ati bo‘yicha tanlanadi. Amaliy mashg‘ulotlarda faol bo‘lgan tinglovchilar maktabda o‘z o‘quvchilari bilan ham shunday amaliy ishlarni o‘tkazish kerakligini rejalashtirib qo‘yadilar. “Zinama-zina” interfaol metodi bo‘yicha o‘tkaziladigan amaliy mashg‘ulotlar juda qiziqarli bo‘lib, tinglovchilarning tasviriy san’at fanidan egallagan nazariy bilimlarini sinovdan o‘tkazadi. Kurs tinglovchilari kurs amaliy mashg‘ulotlarini samarali o‘tkazishda ish anjomlari hamda materiallarining o‘rni muhim ahamiyatga egadir. Kurs tinglovchilari qog‘oz akvarel bo‘yog‘i kabi materiallardan foydalanib, turli janrlarda tasvirlar chizadilar. Bu amaliy ishlar tinglovchilarning estetik malaka darajalarini oshirishga, rivojlantirishga xizmat qiladi. Malaka oshirish kursida o‘qib, o‘z bilim va malakalarini yuksaltirgan tinglovchi ijodiy ishlar yaratib, iqtidorli bolalar bilan ishlay oladi. O‘quvchilarni turli tanlovlarga tayyorlab, yuqori natijalarga erishadi.

Ushubu maqola 2017 yil “San’at va madaniyat sohasida uzluksiz ta’lim: muammo va yechimlar” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy seminar toplamida chop etildi


Saytda xatoni uchratsangiz, uni belgilab Ctrl+Enter tugmalarini bosing va sayt boshqaruvchisiga xabar bering!