Yilning eng yaxshi to‘garak rahbari – 2017

Bugun Xalq ta’limi vazirligi tomonidan poytaxtimizdagi “Barkamol avlod” respublika bolalar badiiy ijodiyot markazida ilk marotaba “Barkamol avlod” bolalar markazlarining to‘garak rahbarlari o‘rtasida “Yilning eng yaxshi to‘garak rahbari-2017” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi o‘tkazildi.

Tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad “Barkamol avlod” bolalar markazlarida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, ularning ijodiy faolligini oshirish, samarali natijalarga erishayotgan to‘garak rahbarlari ish tajribalarini ommalashtirish, qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishdan iborat.

Ko‘rik-tanlov 3 bosqichda o‘tkazilib, tanlovning  quyi bosqichlarida  jami 650 nafardan ziyod to‘garak rahbarlari ishtirok etdi. Ulardan viloyat bosqichida 1 o‘rinni egallagan 14 nafar to‘garak rahbarlari ko‘rik tanlovning Respublika bosqichida bellashdi.

Tanlovning respublika bosqichida ishtirok etgan to‘garak rahbarlarining bilim va iste’dodi 5 ta shart bo‘yicha sinovdan o‘tkazildi. To‘garak faoliyati samaradorligi, uslubiy-pedagogik salohiyat, amaliy mashg‘ulot, o‘zi tayyorlagan “Barkamol avlod” bolalar markazlarida to‘garak mashg‘ulotlarini rivojlantirish Konsepsiyasi va test sinovi kabi shartlar hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra Toshkent viloyati viloyati Bo‘stonliq tumani “Barkamol avlod” bolalar markazi to‘garak rahbari To‘xtajon Yuldosheva “Yilning eng yaxshi to‘garak rahbari-2017” ko‘rik-tanlovi g‘olibiga aylandi. Jizzax viloyati “Barkamol avlod” bolalar markazi to‘garak rahbari Jamila O‘ktamova 2-o‘ringa,  Navoiy viloyati Zarafshon shahri “Barkamol avlod” bolalar markazi to‘garak rahbari Gulnoza Bozorova 3-o‘ringa loyiq deb topildi.

Shuningdek, ishtirokchilar “Badiiy ijodiyot yo‘nalishida eng yaxshi g‘oya muallifi”, “Texnik ijodiyot yo‘nalishida eng yaxshi g‘oya muallifi”, “O‘lkashunsolik va ekologiya yo‘nalishida eng yaxshi g‘oya muallifi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandilar.

Tanlov g‘oliblari va ishtirokchilari Xalq ta’limi vazirligining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Xalq ta’limi vazirligi
Matbuot xizmati


Saytda xatoni uchratsangiz, uni belgilab Ctrl+Enter tugmalarini bosing va sayt boshqaruvchisiga xabar bering!