Zamonaviy maktab formasini joriy etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi

15 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy maktab formasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga asosan 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarining qaror bilan tasdiqlangan shakllardagi maktab formasida kelishlari ixtiyoriy, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab esa majburiyligi belgilandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi maktab formasining belgilangan standartlarga, sanitariya qoidalari normalari va gigiyena normativlariga muvofiq ishlab chiqarilishi ustidan nazorat qilish vazifasi yuklatildi.
Ota-onalarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida tijorat banklariga aholi tomonidan maktab formalarini xarid qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan oshmaydigan foiz stavkasi bo‘yicha qisqa muddatli (olti oydan kam bo‘lmaydigan) iste’mol kreditlari ajratish tavsiya etildi.
Qaror bilan “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga texnologik jihatdan ishlab chiqarish imkoniyatlari va hududiy joylashuvini inobatga olgan holda hududlarda maktab formasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlar ro‘yxatini shakllantirish, hududiy hokimliklar bilan birgalikda respublikaning barcha tuman (shahar) markazlarida aholiga qulay joylarda maktab formasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning savdo shahobchalarini tashkil etish yuklatildi.
O‘quvchilar uchun zamonaviy maktab formasini ishlab chiqishda tanlangan mato turining tarkibida tabiiy tolalarni yetarli ravishda mavjudligi, sifatining davlat standartlari talabiga javob berishi, o‘quvchilar tomonidan uzoq muddat kiyilishi uchun chidamliligi, rangining bola psixologiyasiga mos kelishi, bolaning sog‘lig‘iga ta’sir ko‘rsatuvchi gigiyenik talablarga muvofiqligi kabi jihatlari inobatga olindi.
Quyida zamonaviy yagona maktab formasini joriy etishga sabab bo‘lgan jihatlar, uning afzalliklari va qanday ishlar amalga oshirilganiga to‘xtalib o‘tamiz.
O‘zaro tenglik va salomatlik. Yagona maktab formasi o‘quvchini bilim olishdan boshqa narsalarga chalg‘imasligiga, o‘quvchilar o‘rtasida o‘zaro teng munosabatlar shakllanishiga xizmat qiladi. Shuningdek, bolalar salomatligi uchun zararli bo‘lgan matolardan tayyorlangan turli kiyimlardan saqlanish imkonini berib, ota-onalarda sifati va narxi doimiy nazorat qilib boriladigan zamonaviy maktab formasini xarid qilish imkoniyati bo‘ladi.

O‘quvchilar, o‘qituvchilar va keng jamoatchilik fikrlarini inobatga olgan holda yaratildi va tajriba-sinovdan o‘tkazildi. Xalq ta’limi vazirligi va “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tomonidan umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun zamonaviy yagona maktab formasini yaratishda soha mutaxassislari va respublikamizning yetakchi dizaynerlari ishtirokida bir yil davomida yuzdan ortiq maktab formasi modellari dizayni yaratildi va ota-onalar, umumta’lim maktablari rahbarlari hamda pedagoglari ishtirokida bir necha marotaba muhokamadan o‘tkazildi. Ota-onalar va keng jamoatchilik o‘rtasida o‘tkazilgan muhokamalar natijasida maktab formalarining 10 ta modeli alohida tanlab olinib, respublikamizning shahar va qishloq hududlarida joylashgan umumta’lim maktablarida tajriba-sinovdan o‘tkazildi. Tajriba-sinov natijalarini tahlil qilish natijasida, ota-onalar tomonidan ko‘pchilik ovoz to‘plash orqali tanlangan maktab formalarining sifati takomillashtirildi va hukumat qaroriga kiritildi.
Qulaylik, mahalliy ishlab chiqaruvchilar, sifat va hamyonbop narxlar. “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi texnologik jihatdan ishlab chiqarish imkoniyatlari va hududiy joylashuvini inobatga olgan holda hududlarda maktab formasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlar ro‘yxatini shakllantiradi. Hududiy hokimliklar, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bilan birgalikda 2018 yil avgust oyidan boshlab maktab formasi savdosini tashkil qilish maqsadida respublikaning barcha tuman (shahar) markazlarida aholiga qulay joylarda maktab formasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning savdo shahobchalarini tashkil etadi.
Xalqaro tajriba o‘rganildi. Bugungi kunda umumta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun qat’iy belgilangan maktab formalari Buyuk Britaniya, Yaponiya, Singapur, Janubiy Koreya, Avstraliya, Rossiya, Hindiston, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston kabi qator davlatlarda amaliyotga joriy etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy maktab formasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga asosan maktab formasini ishlab chiqarish va sotish jarayonlarini tashkil etish “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga yuklatilgani sababli maktab formasini xarid qilish jarayoniga maktab direktorlarining aralashuviga yoki maktabda forma uchun pul yig‘imlariga yo‘l qo‘yilmasligini ma’lum qilamiz.
Quyida e’tiboringizga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan zamonaviy yagona maktab formasi shaklarining rasmlari e’tiboringizga havola etiladi.

Xalq ta’limi vazirligi
Axborot xizmati


Saytda xatoni uchratsangiz, uni belgilab Ctrl+Enter tugmalarini bosing va sayt boshqaruvchisiga xabar bering!